والَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِمَا أُنزِلَ إِلَيْكَ وَمَا أُنزِلَ مِن قَبْلِكَ وَبِالآخِرَةِ هُمْ يُوقِنُونَ
2 - 4. Hamda senga nozil qilingan narsaga va sendan oldin nozil qilingan narsalarga iymon keltiradigan va oxiratga aniq ishonadiganlardir.
Demak, taqvodorlarga oid navbatdagi to‘rtinchi sifat – Muhammad alayhissalomga nozil qilingan Qur’oni karimga va u kishidan oldin nozil qilingan samoviy kitoblarga iymon keltirish. Bu narsa taqvodorlarning, Islom ummatining buyuk sifatlaridan biri bo‘lib, boshqa hech bir ummatda yo‘qdir. Chunki Islom ummatidan boshqa hech bir ummat Allohdan nozil bo‘lgan barcha kitoblarga birdek iymon keltirmagan. Islom ummati Alloh nozil qilgan barcha kitoblarga birdek iymon keltiradi.
Bu hol esa aslida bashariyatning kitoblari va payg‘ambarlari bir ekanining alomatidir.
Beshinchi sifat – «oxiratga aniq ishonadigan».
Ya’ni ular oxiratga hech shak-shubha qilmay, ishonadilar. Bu ishonch insonni tor dunyodan keng dunyoga chiqaradi. Uning hayoti bu besh kunlik dunyo bilan tugamasligini, hayot aslida imtihonlardan iborat ekanini bildiradi. Kelajagining uzoq ekanini, nihoyasiz yashash olami bor ekanini anglashga undaydi.
Ushbu besh sifat insoniyat uchun nihoyatda zarur sifatlar bo‘lib, kim shularni o‘zida mujassam qilsa, Qur’on hidoyatidan to‘la bahramand bo‘ladi. Qur’on hidoyatidan bahramand bo‘lgan inson esa ikki dunyo saodatiga erishadi.
(Baqara, 4-oyat) | Manba: Islom..uz
@FURSAT.UZ - Haqiqat fursati
الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ وَيُقِيمُونَ الصَّلاةَ وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنفِقُونَ
2-3. Ular g‘aybga iymon keltiradigan, namozni to‘kis ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiladiganlardir.
Ushbu oyatda Qur’on hidoyatidan bahramand bo‘la oladigan taqvodorlarning sifatlaridan uchtasi sanalgan:
Birinchisi – «g‘aybga iymon keltiradigan».
Abul Oliya g‘aybga iymon keltirishning tafsirida: «Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, qiyomat kuniga, jannatiga, do‘zaxiga, muloqotiga, o‘limdan keyingi hayotga va qayta tirilishga ishonishdir», – degan ekanlar.
Imom Hokim Amr ibn Shu’aybdan rivoyat qiladilar:
«Bir kuni Nabiy alayhissalom sahobai kiromlariga:
– Sizningcha, kimning iymoni ajoyib? – dedilar. Sahobalar:
– Farishtalarniki, – deyishdi. U zot:
– Ular Robblarining oldida turib, iymon keltirmasalar, qanday bo‘ladi? – dedilar. Sahobalar:
– Payg‘ambarlarniki, – deyishdi. Nabiy alayhissalom:
– Ularga vahiy tushib turib, iymonga kelmasalar, qanday bo‘ladi? – dedilar. Sahobalar:
– Bizniki, – deyishdi. U zoti bobarakot:
– Men oralaringizda turib, iymon keltirmasalaringiz, qanday bo‘ladi? – deb turib, so‘ngra o‘zlari javob qildilar:
– Men uchun xaloyiqning ichida iymoni ajoyibi sizlardan keyin sahifalardagi Kitobga iymon keltirgan qavmlardir, – dedilar».
Haqiqatan, inson g‘aybga iymon keltirish bilan hayvondan ajralib turadi. Chunki his qilish a’zolari yordamida ularga moddiy ta’sir etuvchi narsalarni idrok qilish bilan ishonish hayvonlarda ham bor. G‘aybga iymon keltirish tufayli inson o‘zini o‘rab turgan hissiy dunyodan cheksiz ufqli, keng olamga chiqadi.
Ikkinchisi – «namozni to‘kis ado etadigan».
Ular Allohga ibodat qiladilar. Bandaga qul bo‘lishdan ozod bo‘lib, bandalarning Parvardigoriga qul bo‘ladilar. Namoz orqali banda Alloh taologa bog‘lanadi. Shuningdek, boshqa ulkan yaxshiliklarga erishadi.
Uchinchisi – «Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiladigan».
Taqvodor mo‘min-musulmon odamning e’tiqodiga ko‘ra, uning qo‘lidagi mol-dunyo Alloh bergan rizqdir, o‘zi yaratgan narsa emas. Shuning uchun ham taqvodor inson Alloh bergan rizqdan o‘zining zaifhol, muhtoj birodarlariga sadaqa qiladi.
«Sadaqa» so‘zining tasdiq ma’nosi bor, mol-dunyosini sarflab sadaqa qilishda e’tiqoddagi ma’noning, ya’ni yaxshilik qilish ma’nosining tasdig‘i bor.
«Nafaqa» esa umumiy so‘z bo‘lib, «zakot», «xayr-ehson», «sadaqa» kabi ma’nolarni anglatadi.
(Baqara, 3-oyat) | Manba: islom.uz
@FURSAT.UZ - Haqiqat fursati