Onamning qornidan ajalim qadar
Dil haqning ishqida bo‘lsin darbadar,
Gar menga chindanam baxt istasangiz
O‘limni eslating menga birodar.
Islomning yo‘lidan burilib ketsam
Shaytoniy o‘ylarga urilib ketsam,
G'ururim tog‘ bo‘lib kerilib ketsam,
O‘limni eslating menga birodar.
Dunyo o‘tkinchi deng, hoyu havas deng
Musulmon kishiga dunyo qafas deng
Allohni unutma biror nafas deng
O'limni eslating menga birodar.
Qo‘rqma deng insonning urar tig‘idan
Yuz burib bo‘lmas deng haq mantig‘idan
Ko‘zlarim to‘xtamay qolsin yig‘idan
O'limni eslating menga birodar.
Manmanlik hissini olaylik yenga
Tavakkul so‘zini keltirib chinga,
Mol dunyo haqida gapirmang menga
O''limni eslating menga birodar.
Haromga yo‘l bergan oyoqlarimga
G'iybatlar so‘ylagan tomoqlarimga
Do‘zax haqda ayting quloqlarimga,
O'limni eslating menga birodar.
Qur’ondek har dardga dorini so‘zlang,
Yurakda ne bo‘lsa borini so‘zlang,
Jahannam ahlining zorini so‘zlang
O'limni eslating menga birodar.
Ilm nuri bezab tursin yuzimni
Har doim nazorat qilay o‘zimni,
G‘aflat bosib ketdi oching ko‘zimni
O‘limni eslating menga birodar
Boshimdan suv misol mav’iza kuying
Islomning iforin yurakdan tuying,
Qahhorning qahridan qo‘rqitib qo‘ying
O'limni eslating menga birodar
Oxirat mahali qolmayin nochor,
Va yoki azobga bo‘lmayin duchor
Boy bo‘lib yashashga tupurganim bor
O‘limni eslating menga birodar.
Jannatda xo‘play deb kavsar sharobni
Qo‘limdan qo‘ymayin qur’on kitobni
Qabristonda bo‘lar ulug‘ hisobni
O'limni eslating menga birodar.
Ortimdan shum nafsim xanjarin tiqsa
Shon-shuhrat shaytondek qo‘limdan siqsa,
Allohga qulligim yodimdan chiqsa,
O‘limni eslating menga birodar.
O'g‘irlang shaytonim halovatini,
Oshiring sabrimning sadoqatini
Jon chiqar lahzaning haroratini,
O‘limni eslating menga birodar.
Sanjar Shams