Translation is not possible.

Boqiyga bog’langan — boqiydir, foniyga bog’langan — foniy

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari Toshkent islom institutiga rektor etib tayinlanganlarida hali sovet tuzumi yemirilish arafasida tursa-da siyosiy kuchini namoyish qilayotgan edi. Diniy ta’lim masalasida o’ta qattiq kurash olib borayotgan bu imperiya islom ta’lim muassasalaridagi mutaxassislar tayyorlash tizimini ham o’z qo’liga olishni istardi. Shu munosabat bilan ta’lim dasturlarini zamonga mos tarzda yangilash atayin juda sekin olib borilar edi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayh o’z vazifalariga kirishganlaridan boshlab bu tizim islohi uchun qattiq bel bog’ladilar. Alloh taoloning marhamati va u kishining harakatlari bilan Islom institutida tafsir dasturlari yangilanib, taklif etilgan Shayx Muhammad Ali Sobuniy rohmatullohi alayhning “Ajabtovur bayon” nomli asarlari o’qish uchun qo’yildi. Buning barakasi shu darajada bo’ldiki, bugunga kelib bu kitob O’zbekistondagi o’rta-maxsus islom bilim yurtlarining o’zidayoq o’qitila boshlandi.

Islohot ham sof niyat va pok qalb ila qilinarkan uning samarasi asrlarga tatiyveradi.

Alloh taolo barcha ulamolarimizdan rozi bo’lsin!

Quyida ushbu kitobning Fotiha surasiga yozilgan tafsiridan bir parchani havola etamiz:

Alloh taolo bizga U Zotga qanday hamd aytishni, U Zotni qanday muqaddas sanashni, qanday qilib O’ziga xos maqtov aytishnining ta’limini berdi.

Ey bandalarim! Menga shukr etishni va sano aytishni istasangiz: “Barcha hamd olamlar Parvardigori Allohgadir”, deb ayting. Sizlarga ato qilgan yaxshiligim va marhamatim uchun shukr eting. Bas, Men ulug’vorlik, buyuklik va oliylik egasi Allohdirman. Yaratish va paydo etishda yagona bo’lgan, insonlar-u jinlar va farishtalar, yer-u osmonlar Robbidirman. Rahmati barcha narsadan keng, fazli barcha yaratiqlarni qamrab olgan Mehribon va Rahmli Zot Menman. Maqtov ham, shukr ham bandalarini yaratib, ularga rizq va tana salomatligini ne’mat qilib bergan olamlar parvardigori Alloh uchundir. U Zotdan boshqa ibodat qilinadigan ma’budlarga emas. U shundayin oliyki, uning buyukligiga hech kim yeta olmas. U ushbu olam uchun moslangan nizomga ko’ra bandalari ishlarini isloh etuvchidir. Insoniyat olami ham, nabotot va hayvonot olami ushbu nizomga ko’ra o’z tartibida qoladi. Agar quyosh bo’lmaganida hayot ham ziyo ham topilmasdi-ku! Bashariyat tirgagi bo’lmish ozuqalar va nabotot va hayvonot olamining hayoti bo’lmish suv bo’lmaganida-chi?! Men hisob-kitob va jazo-mukofot Egasidirman. Qiyomat kunida podshoh o’z mulkini tasarruf etgani kabi tasarruf eturman. Bas, Mendan boshqalarni emas, balki Meni ibodatda xoslang va “Ey Alloh! Sen uchungina o’zimizni xor tutamiz va bo’yinsunamiz, bosh egamiz va itoat qilamiz. Seni ibodatimizda xoslaymiz va Sendan o’zgasiga ibodat qilmasmiz. Robbimiz, Sening toating va roziliging uchun Sendan yordam kutamiz. Chunki Sen har qancha ulug’lash va sharaflashga loyiqsan. Bizga yordam ko’rsatishga sendan o’zganing qudrati yetmas!

Ey Alloh! Bizni haq dining bo’lmish Islomda sobitqadam qil! Bu din bilan sening anbiyolaring va rasullaring yuborilgan. Rasullarning so’ngisi ham shu din ila jo’natilgan. Bizni iymonda sobitqadam et! Senga yaqin bandalar tutgan yo’ldan yurishimizni nasib qil! Nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar yo’lidan yuradiganlardan ayla! Ular naqadar yaxshi yo’doshdir, axir! Sening muqaddas shariatingdan adashib, maqsad qilingan yo’ldan chetlanuvchi, egri yo’lda yuruvchi va oyatlaringga, nabiy va rasullaringga kufr keltirib, qiyomatga qadar g’azab va la’natga loyiq bo’lganlardan qilmagin!”, deng.

Allohim, omin!

Send as a message
Share on my page
Share in the group