Translation is not possible.

Ramazonda eng qadrli bo‘lgan uch fursat💡

1 Bomdod namozidan keyingi kunning avvalgi soati

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu haqda: “Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqquncha Allohni zikr qilib o‘tirsa, so‘ng ikki rakʼat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo‘lur. To‘liq, to‘liq, to‘liq”, dedilar (Termiziy)

Izoh: Ushbu rivoyatda vasf qilinayotgan namoz shuruq namozi ham deyiladi. Shuruq esa quyoshning chiqishidir. Bu hadisi sharifda bomdod namozi bilan quyosh chiqqungacha bo‘lgan vaqtni Allohning zikri bilan o‘tkazishga va ayni paytda shuruq namozini o‘qishga targ‘ib qilinmoqda. Avval aytilganidek, shuruq namozi choshgoh namozining eng avvalgi vaqtidagi namozdir. Shuningdek, hadisda bomdod namozini jamoat bilan o‘qishga targ‘ib borligi ham ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.

Ushbu hadisga amal qilib, sahar chog‘i Allohning ibodati, zikri bilan mashg‘ul bo‘lish fazilatli ishdir. O‘tgan salafi solihlar bu ishga alohida eʼtibor berganlar. Rivoyat qilishlaricha, bir guruh hojilarning yo‘lini arslonlar to‘sib qolibdi. Arslonlar qamali uch kun davom etibdi. Arslonlardan qo‘rqib biror kishi uch kungacha mijja qoqmabdi. Nihoyat, uchinchi kuni saharda arslonlar ketishgach, hamma bomdodni o‘qib, o‘zini uyquga uribdi. Hojilarning ichida buyuk tobeinlardan Tovus rohimahulloh ham bor ekan. U kishi uxlashni hayoliga ham keltirmabdi. “Uch kun mijja qoqmadingiz, biroz uxlab olsangiz bo‘lar edi”, deyishgan ekan, “Bu paytda uxlab bo‘lmaydi” deb, zikrni davom ettirgan ekan.

Bu paytda yer yuzida navbatchilik qiladigan farishtalar almashayotgan bo‘ladilar. Bu vaqtda uxlash, g‘ofil bo‘lish va boshqa befoyda ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish mo‘min odamga to‘g‘ri kelmaydi. Saharda ibodat qilganlarning rizqi ulug‘, uxlaganlarning rizqi tor bo‘ladi.

2 Kunning oxirgi, quyosh botishidan oldingi payti

Ro‘zador odam bu oltin fursatni ko‘pincha iftor taomini tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tkazib yuboradi. Biroq, ro‘zaning ajr savobini qo‘lga kiritaman degan kishi bu fursatni o‘tkazib yubormasligi kerak. Bu nihoyatda qadrli fursatdir. Bu fursat duolar ijobat qilinadigan payt bo‘lgani uchun ham duo qilish uchun eng qulay imkoniyat hamdir.

3 Bomdoddan oldingi sahar payti

Alloh taolo bu paytdan unumli foydalanuvchi bandalarini “…va saharda istig‘for aytuvchilar”, deb maqtagan.

Ey ro‘zador birodarim! Ushbu oltin fursatni g‘animat bilib, muazzin azon aytgunicha duo-yu istig‘forga mashg‘ul bo‘ling. Xususan, Ramazon oyida bu fursatlarni qo‘lga kiritib, Alloh taolo bilan aloqalarimizni tiklamog‘imiz lozim.

image
Send as a message
Share on my page
Share in the group