Bir kishi Ibrohim Adhamning oldiga kelib: “Ey Abu Isʼhoq nafsim gunoh maʼsiyatlarga botib ketdi, sizda gunoh-maʼsiyatlardan qaytaradigan biror narsa bormi?” dedi.
Ibrohim Adham: “Agar mendan beshta xislatni qabul qilib olib ularga rioya qila olsang senga birorta ham gunoh zarar bermaydi,” deb javob berdi.
Haligi kishi: “Ularni ayta qoling ey Abu Isʼhoq”, dedi.
– Alloh taologa isyon qilmoqchi bo‘lsang Uning bergan rizqini yemagin!
– Unda qayerdan yeyman, axir yerdagi barcha narsa Uning bergan rizqi bo‘lsa!
– Unday bo‘lsa U bergan rizqni yeb turib, yana Unga isyon qilishni o‘zingga ep ko‘rasanmi?!
– Yo‘q albatta, ikkinchisini ayta qoling
– Alloh taologa isyon qilmoqchi bo‘lsang Uning yerida turmagin!
– Ey Ibrohim, bu birinchisidan ham dahshatliroqku. Mashriq ham, mag‘rib ham ularning orasida nima bo‘lsa hammasi Uning mulki-ku, Uniki bo‘lmagan qayerda turaman?
– Ey inson, U bergan rizqni yesang, Uning yerida yashasang, yana Unga isyon qilsang, shuni o‘zingga ep ko‘rasanmi?!
- Yo‘q aslo ep ko‘rmayman, uchinchisini ayta qoling
– Alloh taologa isyon qilmoqchi bo‘lsang U seni ko‘rmaydigan bir joyni topda, isyoningni o‘sha yerda qil!
– Hoy Ibrohim, bu nima degan gap? U Zot barcha sirlardan xabardor bo‘lsa, qalbdan kechayotgan narsalarni ham bilib tursa, biror narsa ham Unga maxfiy bo‘lmasa?!
– Hoy odam, Uning bergan rizqini yesang, U bergan makonda yashasang, U seni ko‘rib, barcha sirlaringdan xabardor ekanini bilsang, yana Unga isyon qilsang, shuni o‘zingga ep ko‘rasanmi?
– Yo‘q, aslo ep ko‘rmayman, to‘rtinchisini ayta qoling.
– Agar o‘lim farishtasi ruhingni olish uchun kelsa unga: meni qoldirib turgin, tavba qilib olay, degin
– U buni qabul qilmaydi-ku, dedi.
– Agar tavba qilib olishing uchun o‘limni o‘zingdan qaytarib tura olmasang, joningni olish uchun kelgan paytda aslo ortga surmasligini bilsang, qanday qilib xalos bo‘lish haqida umid qilasan?!
– Bo‘ldi, beshinchisini ham ayting.
– Qiyomat kunida Zaboniyalar (do‘zaxga kirganlarni azoblashga tayin qilingan farishtalar) seni do‘zaxga olib ketishga kelsalar ular bilan birga bormagin
– Ular bunga qarab o‘tirmaydilar-ku, dedi.
– Unday bo‘lsa najot topishdan qanday umidvor bo‘layapsan?!
– Ey Ibrohim, bo‘ldi, yetarli bo‘ldi, men Allohga istig‘for aytaman va Unga tavba qilaman!