Translation is not possible.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,

Niyati bo‘lakcha, amali mavhum.

Bu eldan Buxoriy chiqishi mumkin,

Lekin g‘ariblikda yashashga mahkum.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,

Tushunib bo‘lmaydi asrorlarini.

Mashrabni osadi va orqasidan

Yig‘lab o‘qib yurar ash’orlarini.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,

Botini chirkinlik, zohiri sodda –

O‘tkan kunlarini yozgan o‘g‘lini

Bilmay otib qo‘yar Yunusobodda.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,

Timsoh ko‘z yoshidan bitmish lug‘ati.

Ibn Sinoni-yu Ulug‘begini

O‘zi tug‘adi va o‘zi bo‘g‘adi.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,

Tushunib bo‘lmaydi sira ham, aytsam.

Bir jarlik ko‘raman yo‘l oxirida,

Oldinga yur, deydi orqaga qaytsam.

Gʻalati elat bu, g‘alati el bu,

Buyuklik sharafdir, biroq o‘y surmang.

Tag‘in, dardlarini eshitayin deb

Boburni sira ham uyg‘ota ko‘rmang!!!

Xayrulla Hamidov

Send as a message
Share on my page
Share in the group