Translation is not possible.

...Koʻpdan kutgan edim orziqib, mana,

Bulutlar tarqaldi toʻkishib koʻz yosh.

Xayolim osmonday yorishdi yana,

Yorugʻ kunlarimday porladi quyosh.

Shoshqin daryolarning zangordir labi,

Shamollar oʻynaydi yiroq-yiroqda.

Yurgil, sayr etaylik, yurgil, malagim,

Dunyo tashvishlari qolsin uzoqda.

Koʻryapsanmi, qanday yasharmish olam,

Beparvo goʻdakday jilmayadi jim.

Goʻdagim, bu chiroy qaytmaydi hecham,

Qaytmagani kabi mening yoshligim.

Bugun bosh ustingda yashnagan yaproq

Shovullab toʻkilar erta poyingga.

Bu uchqur yoʻlovchi solmaydi quloq

Sening iltimosing, sening raʼyingga.

Xazonli avgustning biror oqshomi

Uni koʻrarsanmi tushingda takror?!

Mayliga, oʻzgadir kuzning ilhomi,

Bugun-chi koʻz tashla: atrofda bahor!

Qani, qoʻlginangni bergil jimgina,

Shu maʼsum yoʻlchiga qoʻyaylik ixlos.

Shoirlar aldaydi bizni, jonginam,

Bahor doim emas, uch oydir, xolos...

©Abdulla Oripov

Send as a message
Share on my page
Share in the group