Ahli sunna val jamoa eʼtiqodida ekanimni qanday bilaman va qanday yetmish ikki adashgan firqadan najot topib, najot topuvchi firqadan boʻlaman?
Imom Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh aytdilar:
“Yetmish ikki firqaning asosi toʻrt firqadan iborat. Mana shu toʻrt firqadan yetmish ikki firqa ozuqalanadi.
1. Qadariyya;
2. Murjia;
3. Shia;
4. Xavorij.
*
Kimki Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhumlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan muqaddam qilsa va boshqa sahobalarni faqat yaxshilik bilan yodga olib, ularning haqqiga duo qilsa, shialikdan toʻla qutulibdi.
~~~
Kimki iymon - soʻz va amal, ziyoda boʻladi va kamayadi, desa, murjialikdan toʻla qutulibdi.
~~~
Kimki har qanday yaxshi va fojir imomning orqasidan namoz oʻqiladi, har qanday xalifa bilan birga jihod qilinadi, desa va sultonga qarshi qilich koʻtarib chiqilmaydi va ularning haqqiga duoi xayr qilinadi, desa, xavorijlikdan toʻla qutulibdi.
~~~
Kimki taqdirning barchasi: yaxshisi ham, yomoni ham Alloh azza va jalladan va Alloh xohlagan bandsini adashtiradi, xohlagan bandasini hidoyat qiladi, desa, qadariylikdan toʻla qutulibdi.
Unday kishi sunnat sohibidir.
Barbahoriy, “Sharhus sunna”
*
Sahl ibn Abdullohdan: ”Kishi qachon oʻzini ahli sunna val jamoada deb biladi?“ deb soʻralganida shunday javob berdi: ”Agar kishi oʻzida oʻn xislatni topsa:
- jamoatni tark qilmasa;
- Nabiy sollallohu alayhi vasallamning asʼhoblarini soʻkmasa;
- ushbu ummatga qarshi qilich koʻtarib chiqmasa;
- qadarni yolgʻonga chiqarmasa;
- iymonda shak qilmasa;
- dinda talashib-tortishmasa;
- ahli qiblaga mansub vafot etgan kishining janozasini uning gunohi sababli tark qilmasa;
- maxsiga masʼh tortishni tark qilmasa;
- har qanday zolim yoki adolatli boshliq orqasida namoz oʻqishni tark qilmasa“.
Lolakoiy, “Sharhu usulul eʼtiqodi ahlis sunnati val jamaati”
Ey sunniy doʻstim, xursand boʻl!
Fuzayl rohimahulloh aytadi:
”Islom va sunnatda vafot etganlarga jannat boʻlsin! Agar kishi shunday boʻlsa, (yaʼni sunniy musulmon boʻlsa) “mashaalloh” deyishni koʻpaytirsin“.
Lolakoiy, “Usulul eʼtiqod”
*
Marvaziy aytadi: ”Men Imom Ahmadga: “Kim islomda va sunnatda vafot etsa, yaxshilik uzra vafot etadi”, degandim u zot: “Jim boʻl, unday kishi barcha yaxshiliklar uzra vafot etadi”, dedilar“.
“Siyaru aʼlamin nubala”, 11/296.
*
Avn ibn Salam Abu Jaʼfar Kufiy aytadi: ”Kim islomda va sunnatda vafot etsa, unga barcha yaxshiliklar xushxabari beriladi“.
Lolakoiy, “Usulul eʼtiqod”
*
Imom Ahmadga: ”Ey Abu Abdulloh, Alloh sizni islomda tiriltirsin“, deyilganida: ”Sunnatda ham“, dedilar”.
Ibn Javziy, “Manoqib”, 177.