Sardor Abduganiyev Profile Picture
UMMA TOKEN INVESTOR

Translation is not possible.

#Qurʼonni_anglash

#maqola

AYOLMI, RAFIQAMI, UMR YO'LDOSHMI?

Erkak kishi o'z juftini qanday atashi mumkin:

Xotinim, umr yo'ldoshim, rafiqam, juftim... va hokazo.

Har bir so'zning o'z vazifasi, o'z o'rni bor.

Alloh taolo ham Qur'oni Karimda ba'zi o'rinlarda “falonchining xotini”, ba'zi oyatlarda esa “falonchining rafiqasi”, ba'zan esa "falonchining umr yo'ldoshi" deb, zikr qilgan.

Bu oyatlarning orasida qanday farq bor. Farq ayollardami, yoki ularning erlaridami? Balki umuman ikkisida ham emas, voqea sodir bo'lgan davrdadir?

Bu haqda quyidagi maqolada bilib olasiz.

Arab tilida erkak kishining juftini ifodalovchi bir nechta ma'nodosh (sinonim) so'zlar bor. Bu so'zlar zohiran olib qaralganda ma'nodosh tuyulsa ham aslida ular orasida nozik farq bor. Bu farqlarni ajratib olishimiz uchun Robbimiz O'z Kitobida bizlarga ishoralar berib o'tgan.

1. Al-mar'atu, Imroatun (ﺍﻟﻤﺮﺃﺓ) — ushbu kalima o'zbek tiliga tarjima qilinsa, "ayol", "xotin" kabi ma'nolarni ifodalaydi. Agar er-xotin orasidagi aloqa faqatgina jismoniy munosabatlar bilan cheklansa, ular orasida fikr uyg'unligi va o'zaro muhabbat bo'lmasa, mana shu — "ﺍﻟﻤﺮﺃﺓ" so'zi ishlatiladi. Masalan, "falonchining xotini", "falonchining ayoli" kabi.

Alloh taolo Nuh va Lut alayhimassalomning juftlari haqida oyati karimalarda "Nuhning xotini", "Lutning xotini" deb zikr qilgan, "Nuhining rafiqasi", "Lutning rafiqasi" deb emas. Chunki ushbu ikki payg'ambar va ularning xotinlari orasida aslo fikr va e'tiqod yuzasidan muvofiqlik, o'zaro muhabbat ham bo'lmagan. Erlari Allohning haq payg'ambarlari bo'lishiga qaramay bu ikki ayol iymon keltirishmagan. Huddi shuningdek, Alloh taolo fir'avnning jufti haqida ham "fir'avnning ayoli", deb "rafiqa" so'zini emas, balki "ayol" so'zini ishlatgan. Chunki fir'avn iymon keltirmagan, uning ayoli Osiyo alayhassalom esa mo'mina edilar. Ya'ni, oralarida fikr va iymon jihatdan muvofiqlik yo'q edi.

2. Az-zavjatu (ﺍﻟﺰﻭﺟﺔ) — ushbu kalimani o'zbek tiliga "rafiqa" deb tarjima qilsak, maqsadga muvofiq bo'ladi. Agar er-xotin orasida faqatgina jismoniy emas, balki fikriy ma'noda ham muvofiqlik, oralarida ham mehr-muhabbat munosabatlari bo'lsa, mana shu — "ﺍﻟﺰﻭﺟﺔ" kalimasi ishlatiladi. Masalan, "falonchining rafiqasi" kabi.

Odam alayhissalom va Havvo onamiz haqlaridagi oyatga e'tibor qilaylik. Robbimiz aytadiki:

"ﻭﻗﻠﻨﺎ ﻳﺎ آﺩﻡ ﺍﺳﻜﻦ ﺃﻧﺖ ﻭﺯﻭﺟﻚ ﺍﻟﺠﻨﺔ".

"Biz "Ey odam, Sen rafiqang bilan birga jannatda yasha", deb aytdik". Ushbu oyatda Alloh taolo "ﺍﻟﻤﺮﺃﺓ" — "xotin" so'zini emas, "ﺍﻟﺰﻭﺟﺔ" — "rafiqa" so'zini ishlatdi. Huddi shu kabi suyukli payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga qarata:

"ﻳﺎ ﺃﻳﻬﺎ ﺍﻟﻨﺒﻲ ﻗﻞ ﻷﺯﻭﺍﺟﻚ".

"Ey Nabiy, rafiqalaringizga ayting...", deydi Alloh taolo, "xotinlaringizga" emas. Chunki Payg'ambarimiz va rafiqalari orasida tom ma'nodagi — ham fikriy, ham iymoniy, ham jismoniy jihatdan muvofiqlik bor edi.

Sizda savol tug'ilishi mumkin: "Qur'oni Karimda Zakariyyo alayhissalom:

"ﻭﻛﺎﻧﺖ ﺍﻣﺮﺃﺗﻲ ﻋﺎﻗﺮﺍً".

"Ey Robbim, xotinim tug'mas bo'lsa, o'zim qarib qolgan bo'lsam, qanday qilib mening o'g'lim bo'lsin", deydilar-ku. Nima, ular orasida ham iymon nuqtai nazaridan nomuvofiqlik bo'lganmidi? Yo'q, ular orasida iymon, mehr-muhabbat tomonidan muvofiqlik bor edi. Lekin ikkovlari ham qarib qolganlari sabab jismoniy tomondan muammolari bo'lgan. Shuning uchun ham Zakariyo alayhissalom "rafiqam" deb emas, "xotinim tug'maydigan bo'lsa...", deb Allohga o'z holatlarini shikoyat qilmoqdalar.

Alloh taolo ularni farzand ne'mati bilan siylaganidan keyin esa, ya'ni oralaridagi jismoniy munosabatlar ham o'z o'rniga tushgandan keyin esa ishlatilgan so'z ham o'zgardi:

"ﻓﺎﺳﺘﺠﺒﻨﺎ ﻟﻪ ﻭﻭﻫﺒﻨﺎ ﻟﻪ ﻳﺤﻴﻰ ﻭﺃﺻﻠﺤﻨﺎ ﻟﻪ ﺯﻭﺟﻪ".

"Bas, biz uning duosini ijobat etdik va unga Yahyoni berdik hamda rafiqasini o'nglab qo'ydik", deydi Alloh taolo. E'tibor berganingizdek endi "ﺍﻟﻤﺮﺃﺓ" — "xotin" so'zi emas, "ﺍﻟﺰﻭﺟﺔ" — "rafiqa" so'zi ishlatildi.

Alloh taolo Qur'oni Karimda Islomning eng ashaddiy dushmanlaridan hisoblangan Abu Lahabning oilasida ham notinchlik, o'zaro kelishmovchilik bo'lganini nozik ishora bilan bizga bildirib:

"ﻭﺍﻣﺮﺃﺗﻪ ﺣﻤﺎﻟﺔ ﺍﻟﺤﻄﺐ".

"Uning (Abu Lahabning) o'tin ko'targan xotini", deydi. Mana shu ishoradan bilib olishimiz mumkinki, Abu Lahabning oilaviy munosabatlarida notinchlik yohud qandaydir muammolar bo’lgan.

3. As-Sohiba (الصاحبة) — ushbu kalima o'zbek tilida "umr yo'ldosh", "hamroh" kabi ma'nolarni ifodalaydi. Qur'oni Karimni tadqiq etish natijasida ma'lum bo'ldiki, ushbu so'z agar er-xotinning orasidagi jismoniy va fikriy muvofiqlik yo'qolgan bo'lsa, ya'ni aloqalar uzilgan bo'lsa ishlatiladi.

Shu sababdan ham qiyomat haqidagi oyatlarda (الصاحبة) — "umr yo'ldosh" so'zi ishlatilgan. Chunki qiyomatning dahshatlari sababli er-xotin orasidagi mehr-muhabbat ham, o'zaro fikrlar mutanosibligi ham, barcha-barchasi nihoyasiga yetadi. Mana Alloh taolo:

"ﻳﻮﻡ ﻳﻔﺮ ﺍﻟﻤﺮﺀ ﻣﻦ ﺃﺧﻴﻪ ﻭﺃﻣﻪ ﺃﺑﻴﻪ ﻭﺻﺎﺣﺒﺘﻪ ﻭﺑﻨﻴﻪ".

"U kunda (qiyomat kunida) kishi o'z aka-ukasidan, ota-onasidan, umr yo'ldoshi va bolalaridan qochadi", deydi. Ya’ni u kunda er-xotin orasidagi har qanday munosabatlar uzilib bo’lgan bo’ladi.

O'zbek tili nuqtai nazaridan "xotin", "rafiqa", "umr yo'ldosh" kabi so'zlar barobar ma'noda ishlatilaverishi mumkin. Lekin olamlar Robbisi bo'lgan Qur'oni Karimda har bir kalimaning o'z o'rni, o'z ma'nosi bor. Haqiqatan ham "Agar insu jinlar to'planib, ushbu Qur'onga o'xshash narsa keltirmoqchi bo'lsalar, ba'zilari ba'zilariga yordamchi bo'lsalar ham, unga o'xshashini keltira olmaslar".

Ushbu mo'jiz kitobni bizga nozil qilgan Allohga hamdlar bo'lsin.

Manbalar asosida Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil tayyorladi

image
Send as a message
Share on my page
Share in the group