Kishan kiyma...
Kishanlar kiyaymi,
Bo‘yin egaymi,
Erkimni beraymi senga qaytarib?
O‘zni unutaymi,
qonlar yutaymi,
turaymi qoshingda mu’te, muztarib?!
Chopaymi
Chopilgan tomirlarimni,
Sug‘urib beraymi tilimni?!
Bir «hayt!” deb,
Sirmasang qamchining,
Qul qilib beraymi Elimni?!
Ko‘zimi yumaymi,
Endi ochilgan
Tarixning asotir kitoblaridan?
Yuzimni buraymi,
Yovdan yuzini
Burmagan ajdodim xitoblaridan!?
Qilichim tashlaymi
Sinmasdan burun…
Qattol qilichiga tegmay jarangi?
Qo‘qonmi, Marg‘ilon
va yoki Jizzax…
Janggoh etagida tugamay jangi?
Sanchaymi
Har bitta go‘daklarimni,
Vahshiy bir askarning miltiq tiyg‘iga?
Ko‘ylagin ilaymi
Ko‘kaldosh, Ko‘kcha…
Masjidin to‘rida turgan tug‘iga?
O‘taymi
Pok muslim, toza muslima
Bobom yo momomning qabrini buzib?
Yerga urayinmi yalovlarimni
Onam tumorini uzganday uzib?
Ketayinmi yana
Yuz yillar nari,
Peshonamga lanat tamg‘asin bosib?
O‘ldiraymi
gul-gul farzandlarimni
Surgunga jo‘natib,
Dorlarga osib?!
Qarab turayinmi
Suvrati a’yon,
Sotqin siyog‘iga jimgina boqib?
La’natlaymi
Cho‘lpon, Usmonlarimni,
Qodiriy kitobin o‘tlarga yoqib?!
Buzayinmi
Xiva, Buxoro Arkin,
Ming yillik minora havozalarin?
Bir dag‘dag‘a qilsang,
Ochib beraymi
Toshkent yo Samarqand darvozalarin?!
Yerga ko‘mayinmi,
Osmonni ochgan
Nasta’liq, shikasta imlolarimni?
Buzilgan qasringga
To‘laymi xiroj –
Ipagu paxtamni, tillolarimni?
Omi deb kulaymi
Daholarimdan,
Berishsa – ko‘zining yog‘igacha yeb?
Or qilaymi xalqim,
Ona tilimdan,
«Shuyam millatmi deb, shuyam xalqmi deb?!»
Bo‘shatib beraymi
Madrasalarni,
Yov bostirib kelsa – otxonalarga?!
Almashib beraymi
Masjid, madrasa,
Sajdagohlarimni butxonalarga?!
Yana nima deysan,
Nima istaysan,
Yolg‘on, fitnalardan bezmadingmi hech?!
…Pushkin Navoiyning qoshiga kelib,
Uzr so‘rab turar!..
Sezmadingmi hech?!
O‘ynashma
Millatning g‘ururi bilan,
Millatning Nomusi, Oridir – bu Erk!
Ona degani bu – Ona tilidir!
Va butun bir xalqning boridir – bu Erk!
Jonini jahonga
Jon deb ulashgan
Ulug‘ bir Onamiz – shu Vatan haqqi,
Kelsang,
Odamday kel! –
Bag‘rimiz ochiq,
Non haqqi, tuz haqqi, jonu tan haqqi!..
Istibdod sirtmog‘in
Bo‘ynimga solmoq –
Bo‘lsa agar qasding,
Umidingni uz!
Koinot qalbida
Porlab turibdi
Bugun O‘zbek degan munavvar bir So‘z!
Qo‘rqitma!
Qalbimdan qo‘llaringni tort!
Katta Yo‘lga chiqib bo‘lgan Karvonmiz!
Asli sen qo‘rqasan!
Chunki Ishq bilan,
Bir buyuk qalb bo‘lgan O‘zbekistonmiz!
Bir buyuk xalq bo‘lgan O‘zbekistonmiz!
Zebo Mirzo