Translation is not possible.
Mehmonsan-u dunyoga, mezbon bilan ishing yoʻq,
Senga bu jonni bergan Hoqon bilan ishing yoʻq.
Agar pok emas ruh, koʻngil boʻlgay zimiston,
Uni zimiston etgan oʻpqon bilan ishing yoʻq.
Kim doʻst-u kim dushmaning, ajratolmaysan hamon,
Shaytonga doʻst boʻlibsan, Rahmon bilan ishing yoʻq.
Oʻylamaysan dunyoni kim aylagan ixtiro,
Mevasin yeb tun-u kun, bogʻbon bilan ishing yoʻq.
Bu mol-u davlatingdan foyda yoʻq oxiratda,
Inson uchun eng muhim - iymon bilan ishing yoʻq.
Nafsingga qul boʻlgansan, koʻrmas aql koʻzlaring,
Qalbingda qon yigʻlagan vijdon bilan ishing yoʻq.
Adogʻi bor umrning, soʻrogʻi ham bor, albat,
Yiqqan-terganlaring koʻp, ehson bilan ishing yoʻq.
Jisming tushar tuproqqa, ruhing uchar samoga,
Tuproq ila mashgʻulsan, osmon bilan ishing yoʻq.
Boylik, amal va shuhrat - bular dunyo gʻaflati,
Bundan ham bexabarsan, Qur’on bilan ishing yoʻq.
Koʻzingni och, ey odam, bandaliging unutma,
Nechun ushbu gʻanimat imkon bilan ishing yoʻq.
Send as a message
Share on my page
Share in the group