Translation is not possible.
Bir zamonlar inson kimligini bilish uchun o‘z ichiga, qalbining tubiga qarardi. Endi esa ekranga qaraydi. Va ekran unga kimligini emas, balki kim bo‘lishi kerakligini aytmoqda. Ko‘rilgan, yoqtirilgan, bo‘lishilgan biri.
Zamonaviy insonning eng katta qo‘rquvi endi o‘lim emas. E'tiborsiz qolishdir. Dostoyevskiy “Inson ba'zida faqatgina erkin ekanligini isbotlash uchun ham o‘z manfaatiga zid harakat qiladi”, deb yozgan edi. Bugun ushbu jumlani qaytadan yozishga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy inson faqatgina ko‘zga tashlanayotganini isbotlash uchungina o‘z sha'niga zid harakat qilmoqda. Kamera qarshisida yig‘layotgan, eng mahram dardini jonli efirga olib chiqqan, farzandining ko‘z yoshidan kontent yasagan, janozada selfi tushayotgan inson... Ular axloqsiz odamlar emas. Bular ko‘zga tashlanmasdan turib mavjud bo‘la olmasligiga ishontirilgan insonlardir.
Shuhrat, maqsad emas, u bir bo‘shliqning nomidir. Zamonaviy dunyo insonga ulkan bir va'da berdi. Xudoni olib, o‘rniga erkinlikni taqdim etdi. Jamoatni olib, o‘rniga fardni qo‘ydi. Ma'noni olib, o‘rniga muvaffaqiyatni qo‘ydi. O‘limdan keyingi hayotni olib, o‘rniga soxta jannatlarni qo‘ydi. Bu o'zaro ayirboshlash boshida jozibali ko‘rindi. Ammo bir muddat o‘tib inson shuni anglab yetdiki, qo‘lidagi erkinlik uni hech kim tanimaydigan olomonning o‘rtasida tamoman yolg‘iz qoldirgan edi. Shuhrat aynan mana shu yaraga malham sifatida taqdim etildi. Odamlar seni ko‘rmayotgan bo‘lsa, hech bo‘lmaganda algoritm ko‘rsin. Jamoat seni bag‘riga bosmasa, aqalli obunachilar senga qarsak chalsin. O‘limdan keyin xotirlanmasang, hech bo‘lmaganda shu hafta trendga chiq. Shuhrat aslida o‘lmimsizlik orzusidir. Bu orzu insonning uyat tuyg‘usini yeb bitiradi. Insonni inson qilib turuvchi chegaraning nomi uyat edi. “Buni qilmayman, chunki bunday qilib bo‘lmaydi” deya olish edi. Endilikda esa qilib bo‘lmaydigan narsaning o‘zi qolmadi. Chunki qilinmaydigan har bir narsa, qilinganida ko‘proq tomoshabin olib keladi. Chegara bugungi kunda oshib o‘tilishi lozim bo‘lgan to‘siq emas, kontent yaratish uchun xomashyodir. Mahramiyat esa kamerani o‘chirish emas, balki uni qachon yoqishni bilish san'atiga aylandi. So‘ngra, u haqiqat tuyg‘usini yemirib tashlaydi. Chunki shuhratning mantig‘i haqiqatga emas, balki e'tibor jalb qilishga xizmat qiladi. To‘g‘ri bo‘lgan narsa emas, ko‘proq ulashilgan narsa yutib chiqadi. Teran bo‘lgan emas, qisqa bo‘lgan narsa g‘olib bo‘ladi. Adolatli bo'lgan emas, hayratga soluvchi narsa g‘alaba qozonadi. Va agar inson uzoq vaqt faqat e'tibor uchun yashasa, kun kelib ko‘zguga qaraganida o‘zini emas, balki o‘zining sahnadagi ijrosini ko‘radi. Kimligini butunlay unutgan, faqatgina qanday ko‘rinishini yodda saqlagan bo‘ladi.
Nima qilish kerak? Balki shuhratdan qochish yechim emasdir, chunki bu ham navbatdagi pozaga aylanib qolishi mumkin. Balki o‘zimizdan shuni so‘rashimiz kerakdir, ya’ni “Men hech kim ko‘rmaydigan bir xonada, yoppa-yolg‘iz qolganimda, kimman? Qanday gaplarni aytgan bo'lardim? Qaysi yaxshilikni qilardim? Qanday dard uchun ko‘z yosh to‘kardim? Agar bu savolning javobi, kamera qarshisidagi holatim bilan bir xil bo‘lsa, demak men hamon insonman. Agar farqli bo'lsa, unda men, ehtimol, shunchaki bir personajman xolos. O‘z hayotining bosh rolini o‘ynayotgan, biroq senariysini boshqalarning didiga moslab yozadigan bir aktyorman. Ibn Xaldun insonlarning asabiyati, ya'ni o'zaro birdamlik rishtalari zaiflashganda sivilizatsiyalar qulashini aytgan edi. Bugun asabiyatning o‘rnini obunachilar soni egalladi. Ammo obunachi qardosh emas. Layk sevgi emas. Ko‘rinish esa tan olinish degani emas.
Va sahnaning o‘rtasidagi o‘sha yaltiroq nur ostida turgan inson, aslida hech qachon bu qadar yolg‘iz qolmagan...
©Abdukarim Mirzayev
Send as a message
Share on my page
Share in the group