Translation is not possible.
"Farzandim olim bo‘lishini xohlayman"
Barchamiz farzandimiz ulg'ayib, jamiyatga kerakli inson, ehtimol, buyuk olim bo‘lishini orzu qilamiz. Ammo taniqli astrofizik Nil Degrass Taysonning fikricha, bolalar shundoq ham olim bo‘lib tug‘iladi. Biz esa — ota-onalar — kattalar dunyosining qat'iy tartib-qoidalari bilan ulardagi bu mudroq iste'dodni o'z qo'limiz bilan yo'qqa chiqaramiz.
Bolalar tabiatan tadqiqotchi. Ular doim toshlarni ag‘darib ko'radi, gul barglarini yuladi, o'yinchoqlarni qismlarga ajratadi. Aksariyat hollarda bu harakatlar uyga ziyon yetkazadi: qismlarga ajratilgan buyum qaytib joyiga yig'ilmaydi. Lekin ilm-fan ham xuddi shunday ishlaydi-ku!
Yoshini yashab qo'ygan buyuk olimlar ham, aslida, "hech qachon ulg'aymaydigan bolalar"dir. Faqat ular endi o'yinchoqlarni emas, butun boshli koinot yoki mikrodunyoni qismlarga ajratib o'rganishadi.
Tasavvur qiling: bolangiz muzlatkichdan tuxum olib, uni polga uloqtira boshladi. Ota-ona sifatida birinchi reaksiyamiz qanday bo'ladi? "Tuxumni o‘ynashni bas qil!", "Sindirib qo‘yasan!", "Darhol joyiga olib qo‘y!".
Kechirasiz-u, lekin siz hozirgina jismning mustahkamligini va tortishish kuchini sinovchi ajoyib ilmiy tajribani yo‘q qildingiz. Bolaga tuxum yerga tushsa sinishini o'z ko'zi bilan ko'rishiga qo‘yib bering. Bu axir amaliy fizika!
Agar bu jarayon davom etishiga ruxsat bersangiz, u tezda biologik tajribaga aylanadi. Singan tuxumdan oqib chiqqan sarig‘ini ko'rgan bolada yuzlab savollar tug'iladi: "Bu qanday qilib jo‘jaga aylanishi mumkin edi?", "Ichida nima bor?". Bu biologiya, va uni kitobdan emas, aynan shunday tekshirib ko‘rish orqali o'rganish ancha samaraliroq.
Bir dona tuxum sizga qanchaga tushadi? Arzimagan pul. Garvard universiteti prezidenti aytganidek: "Agar ta’limni ortiqcha qimmat deb hisoblasangiz, savodsizlikning narxi sizga undan-da qimmatga tushishini unutmang."
Ko‘pchilik ota-onalar farzandidagi sof qiziquvchanlikni qadrlashmaydi. Ular uchun uydagi osoyishtalik va tozalik muhimroq. Bolalar oshxonaga kirib, qozon va idish-tovoqlarni bir-biriga urib taqillata boshlashi bilan: "Shovqin qilishni bas qil!", "Hozir hammasini sindirasan", deb baqiramiz. Tabriklaymiz, siz shundoqqina navbatdagi muhim akustik tajribani to‘xtatib qo‘ydingiz.
Odamlar mendan tez-tez so‘rashadi: "Bolamdan xavotirdaman. Unda ilm-fanga qiziqishni qanday uyg‘otsam bo'ladi?"
Javobim qisqa: Ular ilm-fanga allaqachon qiziqib bo'lishgan. Aslida muammo bolada emas — sizning o'zingizda!
@ijtimo_tg
image
Send as a message
Share on my page
Share in the group