Translation is not possible.

OXIRAT SEZONI BOSHLANDI

Ishbilarmon savdogar savdo-sotiq uchun sezonni poylaydi. Sezongacha dam olib, sezon boshlanishi bilan ishga kirishadi. Bir soʻmlik narsasi oʻn soʻmdan sotiladigan kun uxlamasdan, mijja qoqmasdan savdo qilib, rosa pul topadi, “soqqa”ni bosadi.

Xuddi shunga oʻxshash ishbilarmon taqvodor kishi ham oxirat sezonini poylaydi. Oxirat sezoni kelishi bilan yeng shimarib astoydil Alloh bilan savdo qiladi. Pul qudrati sinib, “soqqa” ish bermaydigan Kun uchun savobni koʻpaytiradi.

QIYOMATDA FAQAT SAVOB VA YANA SAVOB FOYDA BERADI.

HOZIR BIR NECHA DAQIQALARDAN SOʻNG OXIRAT SEZONI BOSHLANADI!

LAYLATUL QADR UMID ETILGAN RAMAZONNING OXIRGI OʻN KUNLIGI KIRIB KELADI.

BU OXIRATINI OʻYLAGAN AQLLI INSON UCHUN ENG KATTA SEZON, ENG FOYDALI MAVSUM!

Bu mavsumda bir kecha ming oydan yaxshiroqdir.

﴿لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِّنْ أَلْفِ شَهْرٍ﴾

“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir!” deydi Alloh.

Eʼtibor bering, bir kecha ming kechaga teng, deyilmayapti, yoʻq! Balki bir kecha ming oydan yaxshiroq, afzalroq, deyilmoqda.

Bozor tili bilan aytganda, bir soʻmlik narsangiz ming soʻmdan koʻproqqa sotiladi. Bir soʻmlik narsa mingga teng emas, mingdan koʻproqqa sotiladi. Agar xaridor qoʻli ochiq boʻlsa, ming emas, ikki mingni sanab beradi, balkim naq uch ming, toʻrt ming sanab berishi mumkin.

Xuddi shunga oʻxshash ولله المثل الأعلى bu kecha xaridoringiz eng saxiy, eng boy zot Allohdir!

Yo Rab, bizlarni shu barakotli, serfayz kechaga yetkazganing uchun oʻzingga hisobsiz shukur.

Iloho, bu sanoqli kunlar va tunlardan toʻgʻri foydalanishni bizga ham nasib et...

Bu kechada bajariladigan asosiy ibodatlar:

1. Xufton namozi, taroveh va tungi qiyom.

2. Qurʼon oʻqish.

3. Zikr.

4. Duo, iltijo.

5. Istigʻfor.

6. Masjidda eʼtikof oʻtirish. Istaganlar oʻn kun, istaganlar bir kun eʼtikof oʻtirishi mumkin. Bir necha soatga eʼtikofni niyat qilib, masjidda oʻtirsa boʻlaveradi, deydi olimlar.

7. Insonlar qalbiga quvonch ulashish.

Qoʻlingizdan kelsa, har kecha sharoitingizga qarab sadaqa bering.

Jamoat bilan namoz oʻqib boʻlgandan keyin oʻzingiz qoʻlingizga Musʼhafni olib, yana namoz oʻqiyvering.

“Tungi namoz ikki rakaat, ikki rakaatdan” deyilgan hadisga binoan tundan tonggacha ikki rakaatdan namoz oʻqisangiz boʻlaveradi.

اللهم أعنا على ذكرك و شكرك و حسن عبادتك

Jalol Ibrohim

image
image
Send as a message
Share on my page
Share in the group