SUBHI SODIQ
Birinchi subh
TUYGʻULAR TAZOHURI
Uning qadamlari pok yurakning sasi kabi sevimli...
Uning bo‘yi onaning mehri kabi bebaho...
Qalbni tub-tubiga qadar singadigan marhamatdir uning borlig‘i. Ko‘zlardagi ko‘z yoshdir u. Shunday ko‘z yoshki, bir tomchisi jahannam olovini o‘chiradi, holbuki, jahannamning bir uchquni Yer yuzini kuydirib yuborguvchidir.
Iymonning tasdig‘ini tasbitu iqrorini barqaror etajak shahodat, dunyo hovlisiga jannat gulbog‘laridan tushib kelgan saodatdir u. Quchog‘ida oyati karimalar yangragan, qiroatlarni farishtalar tinglagan; aqllar emas, fikrlar emas, so‘zlarini qalblar anglagan bir karomatdir u.
Vaqt yurib kelayotgan yo‘lning yop-yorug‘ masofasi, taqvodorlar va gunohkorlarning tavbakor va parhezkor qiyofasi u! Nafs jangida jarohatlanganlarning shifosi, ma’shuq tashrifiga intiq va mushtoq bo‘lganlarning vafosi, qayg‘uga to‘lgan, g‘amlar qo‘lida asir bo‘lgan, sevinchlarini armon yulganlarning safosidir u!
Subhlari sidqida sodiq, tunlari uzro uzoriga zor Vomiq, kunlari kunning ko‘zida kulgan gul, oqshomlari ro‘zadorlarning kelishini kutib ko‘zlari nigoron bo‘lgan dil, kechalarini sajdalar oqartirgan Ramazon u! Gavharu javhardir, javharu javohirdir undan har bir on!
Ramazon keldi, iymon dengiz kabi toshgay, to‘lqinlari ko‘zlardan tomchilari sochgay, ibodatlar kashfu fathlarga eshiklar ochgay, shayton hiylalari olisga qochgay, xush kelding, Ramazonim!
Ro‘za – ruhning taomi, saharlik – qalbning kalomi, iftorlik – visol oqshomi, Qur’on – Robbimizning salomi.
Ey Sevgilim Ramazon! Ey hadyasi ro‘za bo‘lgan Sultonim! Robbimga yetaklab boradigan Habibim, nursiz ko‘zlarimning Tabibi! Sening quloqlaringga botadigan g‘iybatlarga, yolg‘onu nojoiz lafzlarga o‘t qo‘yganim bo‘lsin! Ko‘zlaringni ma’yus etadigan ishlarni, qalbingga soya solguvchi xayollarni to‘xtatganim bo‘lsin!
Qarshingdaman, shoyadki, muhabbatimda rost tursam! Shoyadki, so‘zlarimda samimiy yashasam! Shoyadki, Sening ro‘zalaringni tutsam, yo‘q, har bir kuning ro‘zasini bag‘rimga bossam, yo‘q, ko‘nglimning ko‘ksiga gul etib qadab qo‘ysam! Bu gul esa butun vujudimga tomir otsayu, g‘unchalab, chaman-chaman gullasayu, har bir gulidan jannat iforlari taralsa, firdavs ifori taralsayu, dunyoyu oxiratimni, qabru mahsharimni xush bo‘ylarga burkab yuborsa!
Tarovehing – rohat, tahajjuding – farog‘at, e’tikofing – farah, huzur va muhabbatdir Sendagi har shafaq.
Robbim!
Gunohkor qullaringga bergan Ramazoning uchun shukurlar! Qop-qora yuzlarimizni nur bilan yuvish uchun ato etgan ro‘zang uchun hamdlar! Qurum bosgan qalblarimizga bergan shoda-shoda marvarid – Qur’on oyatlari uchun adadsiz sanolar!
Bizni yana Ramazonga yetkazding, bizga yana Ramazonni yetkazding! Sening rahmating cheksizdir, uning cheksizligini aqllar hisoblay olmas, fikrlar uning ortidan quvib yeta olmas!
Duolarimizni qabul ayla, o‘zing rozi bo‘lajak ishlarga bizni yo‘lla! Ibodatlaring bilan bizni xushnud serob et, bu ibodatlarni O‘zing qabulu mustajob et!
Sendan bo‘lak suyanchimiz yo‘q, Sendan bo‘lak inonchimiz yo‘q! Sen bizni yaratding. Yo‘qdan bor qilganing tufayli uyg‘ongan sevinchimizdan o‘zgach sevinch, afv etsang, g‘ufroningdan ulkanroq quvonchimiz yo‘q!
Fano yo‘lida bizni adashtirma, nafsimizning isyonidan, qalbimizning tug‘yonidan, aqlimizning toyishi, shaytonning royishiga royish berishdan bizni asra!
O‘zing imkon berding. Imtihonlar vodiysini sharaf-la bosib o‘tib, bu imkondan go‘zal foydalar olmoqni nasib et!
Amiyn, ya Robbal a’lamiyn!
1-ramazon, 1444-yil / 23-mart, 2023-yil
Akrom MALIK