Translation is not possible.

#kundaliklar

#shaxsiy_mulohaza

Ustozimning bir odatlari bor edi. Shaxsiy markablari bo'lishiga qaramay, bomdod namozi uchun masjidga piyoda borar edilar.

Bir kun gapirib qoldilar:

"Bomdoddan qaytayotgan paytim hayolimga bir fikr keldi. O'zimcha "Shu ishim juda yaxshida. Ham namozni jamoat bilan masjidda o'qiyman, ham erta tongda piyoda yurib, toza havodan nafas olib, jismoniy harakat qilib kelaman", deb o'yladim. Shu fikr hayolimga kelgan kundan boshlab aynan o'sha ibodatimda halovat yo'qoldi. O'zimdan, fikrimdan nafratlanib ketdim. Endi men har tong yolg'iz Allohning roziligi uchun emas, go'yo ertalabki badantarbiya qilish uchun masjidga ketayotgandek bo'lar edim. Bu fikrni hayolimdan chiqarib tashlagunimcha ancha qiynalganman", dedilar va amallarda niyatning muhimligi, ixlosning ahamiyati haqida so'zlarini davom ettirdilar.

Ustozimning ana shu aytganlaridan xulosa qilib, ba'zi fikrlarimni sizlarga ulashgim keldi:

Niyat va ixlos — amallarning eng nozik nuqtasi. Amalingiz xolis Alloh uchun bo'lishi nihoyatda muhim, bu hech kimga sir emas.

Alloh taolo buyurgan amallarning hech biri hikmatsiz, sababsiz emas, aslida. Har bir buyruqning o'z sababi, hikmati va mo'min uchun moddiy-ma'naviy foydasi bor. Shuningdek har bir ta'qiqlangan narsaning musulmon uchun zarari va yomonlik keltiradigan jihati bor. Lekin mo'minning maqsadi "foyda"ga erishish yohud "zarar"dan qoshich emas, Robbning roziligi. Foydaga erishish va zarardan qochish ikkilamchi maqsad.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarning turli sahifalarida (odatda har ramazonda takrorlanadi) ro'zaning inson sog'ligi uchun foydalari bayon qilinmoqda. Bunda hech qanday shubha yo'q. Bu kabi faktlarni tabobat ham, diyonat ham qayta-qayta qayta isbotlagan. Lekin mo'minning ro'zadan ko'zlagan maqsadi sog'ligini tiklash emas. Niyatingizga bu aralashib qolmasin.

Biz Allohning amrlarini bizga foyda bo'lgani uchun emas, Alloh buyurgani uchun bajaramiz. Uning harom qilgan narsalaridan esa bizga zararligi uchun emas, U qaytargani uchun qaytamiz. Bu bizning birlamchi maqsadimiz. Qolganlari esa ikkilamchi yoki undan ham keyin. Ikkilamchi natijalarga intilish bosh maqsadimiz o'rniga o'tib qolmasin. Agar niyatimizda buzilish bo'lsa, ya'ni bosh maqsad qolib, ikkilamchi natijalar ortidan ergashadigan bo'lsak, amalimizdan ixlos kamayadi. Bu esa ustoz aytganlaridek, ana o'sha ibodatning halovatini ham ketkazadi.

Aslida ro'zaning sog'lik uchun foydalarini, namozning tana uchun, ruhiyat uchun yaxshi ta'sir qilishini, zakotning ijtimoiy munosabatlarni me'yorga keltishini va hokazo amallar ortidan keladigan ijobiy natijalarni musulmon bo'lmaganlarga uqtirish va ularni Islomga bo'lgan qiziqishlarini orttirish uchun nihoyatda foydali. Lekin haqiqiy mo'min uchun birlamchi maqsad — Allohning roziligi muhim.

image
Send as a message
Share on my page
Share in the group