Translation is not possible.

#tarmoqli_marketing #ananaviy_moliya #islom_moliyasi

Tarmoqli marketing

"Tarmoqli marketing" termini tahlili: "Tarmoqli marketing" zamonaviy terminlardan bo'lib, "tarmoq" va "marketing" soʻzlaridan tarkib topgan. Ularning ma'nolari quyidagichadir:

"Tarmoq" – Asosiy yoʻl, oqim va shu kabilardan bo'linib, ajralib chiqqan qism; shoxobcha. [1]

“Marketing” – [ingl. marketing [market — bozor; sotish, pullash] iqt. – Bozor ehtiyoji talablaridan kelib chiqqan holda korxonaning yangi xil mahsulotlar ishlanmalarini tayyorlash, tovarlar ishlab chiqarish va sotish yoki turli xil xizmatlar ko'rsatish bo'yicha faoliyatini boshqarish va tashkil etish tizimi. [2]

Tarmoqli marketing – savdo agentlari (distribyutorlar) tarmog'i orqali tovarlar va xizmatlarni sotish usulidir. Ushbu tizimida savdo do'koni ijarasi, tovarni yetkazish, reklama qilish uchun katta xarajatlar bo'lmagani sababli mahsulot narxi nisbatan arzonroq bo'ladi.

Tizimning mohiyati shundan iboratki, sotuvchi tovarlarni sotish bilan birga, xaridorga distribyutor (sotuvchi) bo'lishni ham taklif qilishadi. Buni qabul qilgan yangi a'zolar ham o'z navbatida boshqalarga shunday takliflar bilan chiqishadi va bu cheksiz davom etishi mumkin. Shunday qilib, har bir yangi kelgan kishi o'z biznesini, o'z tarmog'ini qurish imkoniyatiga ega bo'ladi. Kompaniyaning vazifasi – har bir distribyutorni muntazam ravishda mahsulot bilan taʼminlash va unga oʻzi sotgan tovari uchun ham, o'zi jalb vakillari tomonidan sotilgan tovar uchun ham pul to'lash bo'ladi. Natijada ulkan tarmoqning yuqori qismida joylashgan distribyutor shaxsan hech narsa sotmasligi mumkin, ammo baribir o'z tarmog'idagi distribyutorlar savdosidan doimiy daromad oladi.

Tarmoqli marketing turlari

Tarmoqli marketing tuzilishiga ko'ra 4 turda boʻladi: [3]

1) klassik tarmoqli marketing;

2) chiziqli tarmoqli marketing;

3) binar tarmoqli marketing;

4) matritsa shaklidagi tarmoqli marketing.

Mavzuda ishlatiladigan ba'zi atamalar ta'rifi:

Distribyutor – bu to'gʻridan-to'g'ri sotadigan kompaniya bilan shartnomasi bo'lgan va mahsulotni sotganligi uchun haq oladigan, hamda ushbu tadbirkor tomonidan yaratilgan tarmoq aylanmasi bo'yicha komissiya foizlarini oladigan savdo agenti.

Tarmoqning kengligi – bu distribyutor jalb qilgan birinchi pog'onadagi a'zolar soni

Tarmoqningning chuqurligi – distribyutor ostidagi pog'onalar soni

Klassik tarmoqli marketing

Tarmoqli marketingning eng keng tarqalgan turi. Bunda tizim chuqurligi va kengligiga cheklovlar qo'yilmaydi. Tarmoq yuqorisida turuvchi distribyuter o'z ostidagi barcha a'zolarning tovar aylanmasidan muayyan foizda ulush oladi. Lekin ostidagi a'zolardan qaysi birining tovar aylanmasi oʻzinikidan oshib ketsa uning tarmog'idan ulush olishi to'xtaydi.

Chiziqli tarmoqli marketing

Tizim kengligiga cheklovlar yo'q, istagancha a'zolar jalb qilish mumkin. Lekin tarmoq chuqurligiga cheklov qo'yilgan bo'lib, u odatda 5-6 pog'onani tashkil qiladi.

Bunda har bir pog'onadagi a'zolar tovarni bir xil narxda olishadi, a'zo shaxsan o'zi ko'p mahsulot sotgani uchun mukofot olmaydi. Ya'ni mahsulot sotgandan ko'ra ko'proq a'zo jalb qilish muhimroq bo'ladi.

Binar tarmoqli marketing

Ikkilik maʼnosini anglatuvchi "binar" atamasidan ma'lumki, bu tizimda 1-pog'onadagi a'zolar soni 2 ta bo'ladi. Agar distribyutor 2 dan ortiq a'zoni jalb qilsa, ortiqchalari eng pastdagi a'zoning ostiga joylashtirilaveradi. Bu tizimda o'z ostidagi a'zolar tovar aylanmasidan ulush olish uchun 1-pog'onadagi ikki tarafning tovar aylanmasi o'zaro teng bo'lishi lozim. Bu esa tarmoqni uzluksiz o'sib borishiga turtki bo'ladi.

Matritsa shaklidagi tarmoqli marketing

Bu tizimda muayyan parametrdagi tarmoq belgilanib, u a'zolar bilan to'lsagina matritsa yuqorisidagi distribyuter o'z ostidagilarning faoliyatidan ulush oladi. Bu ulush muayyan bonus yoki aylanmaning foiz qismi bo'lishi mumkin. Matritsa odatda 2x3, 3x3, 4x7 shaklda bo'ladi. Avvalgi son bu birinchi pog'onadagi a'zolar soni, ikkinchisi esa pog'onalar soni.

Tarmoqli marketingga bo'lgan qonunchilik munosabati

Jahon amaliyotida tarmoqli marketing faoliyati bilan shug'ullanuvchi takshilotga nisbatan jinoiy ish muayyan belgilar topilsagina ochiladi:

Tarmoqli marketing tashkilotiga qoʻshilish uchun to'lanadigan katta miqdordagi a'zolik badali mavjudligi;

Menejerlarning daromad hajmi savdo darajasiga emas, balki jalb qilingan xodimlar soniga bog'liq bo'lishi;

Distribyutorlarning katta miqdordagi mahsulotni omborlarda to'planishiga qiziqishi.

Ushbu mezon ko'p davlatlarda tarmoq savdo firmasi faoliyatining qonuniyligini aniqlash uchun tayanch hisoblanadi. Amerika Qo'shma Shtatlarida kompaniyani piramida sxemadagi firibgarlik sifatida tan olish uchun ulardan birining topilishi kifoya. Biroq, birinchi to'lov (a'zolik badali)ning belgilangan maksimal miqdorini aniqlash, distribyutorlarning yangi a'zolarni jalb qilishga qiziqishining chegarasini belgilashda aniq me'yorlar mavjud emas.

Qonunchilikdagi noaniqlik, chegaralarning yo'qligi ushbu asosiy qoidalarni chetlab o'tish imkoniyatini yaratdi. Misol uchun, 1975-yilda tarmoqli marketing faoliyati bilan tanilgan "American way of life" tashkilotiga qarshi ish qo'zg'atilgan. Uning advokatlari kompaniya faoliyatining qonuniyligini asoslovchi quyidagi dalillarni taqdim ro'kach qildilar:

agar distribyutor biznesdan chiqmoqchi bo'lsa, tovarlarning qoldiqlari belgilangan narxning 90 foizidan yuqori narxda sotib olinadi;

xodimlar mahsulotlarning kamida 70 foizini sotishlari, 10 dan ortiq savdo-sotiqlarini amalga oshirishi shart;

kompaniyada kirish to'lovi kichik, bu "boshlang'ich tovarlar to'plami"ning to'lovidir.

Ko'pgina mamlakatlarda qonun chiqaruvchilar ushbu dalillarni ishonchli deb topganlar. "American way of life" u yerda ishlashda davom etgan.

Dunyoda bir nechta yirik tarmoqli marketing firmalari mavjud va ularning faoliyati qonunchilik bazasi mustahkam bo'lgan davlatlarda ham ta'qib qilinmaydi. Ushbu kompaniyalarda katta a'zolik to'lovi mavjud emas, bu asosiy daromad manbai ham emas. Sotish hajmining o'sishiga xodimlarning qiziqishi har tomonlama rag'batlantiriladi.

Dunyoda ushbu turdagi biznes uchun barcha ittifoq qilgan qonunchilik normalari mavjud emas. Ba'zi mamlakatlar qonunchiligidagi holatni ko'rib chiqishimiz mumkin:

AQSH. Ushbu mamlakatning har bir shtati o'z qonunlariga ega. Tarmoqli marketing kompaniyalari qonuniy faoliyatining eng aniq ta'riflari Luiziana shtatida aks etgan. Qonunda "toʻlov" va "mukofot" tushunchalari batafsil koʻrib chiqilgan. Piramidasimon firibgarlik tizimning ta'rifi ham aniq belgilab qo'yilgan. Distribyutorlar xaridorlarga xizmatlar va tovarlarni sotgani uchun emas, balki yangi odamlarni jalb qilganligi uchun mukofotlaydigan tizim moliyaviy piramida deb topiladi va ta'qiqlanadi. Qonunbuzarlarga 10 ming dollar miqdorida jarima solinishi mumkin. Shuningdek, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.

Luiziana shtati qonuni tarmoqqa a'zo bo'lgan distribyutorlar uchun tizimdan chiqish qoidalarini belgilab qo'ygan. Tijoratni to'xtatishni istagan distribyutordan tovarlarni qayta sotib olish tijoriy jihatdan oqilona talab deb hisoblangan va kompaniya ushbu tovarni kamida 90% narxida qaytarib olishi kerakligi belgilangan.

Kanada. Ushbu mamlakatda quyidagi kriteriyalar topilsa tashkilot faoliyati moliyaviy piramida deb topiladi:

yangi a'zolarni jalb qilganlik uchun haq to'lash;

muqobilida tovar turmagan dastlabki to'lovni amalga oshirish;

ishtirokchilarga asossiz hajmda mahsulotlarni, talab bo'lmagan tovarlar va xizmatlarni ataylab yetkazib berish.

Ispaniya. Ispaniya qonunchiligi tarmoqli marketing prinsiplarini batafsil tavsiflab beradi. Asosiy mezon bu ishtirokchilar daromadlarini shakllantirishdir. Ular yakuniy narx va kompaniyaning o'zida amaldagi xarajatlar o'rtasidagi farqni tashkil qiladi. Yalpi foyda barcha distribyutorlar orasida ularning mehnat ishtiroki darajasiga ko'ra taqsimlanadi.

yangi ishtirokchilarni jalb qilishdan tashkilot foydasini shakllantirish;

distribyutorlarning mehnat shartnomasi yoki tijorat faoliyatiga qo'yiladigan talablarning aniq ro'yxati bo'lmagan holda ishlashi;

yangi a'zolarga tovarlarni qaytarib sotib olish kafolatisiz majburan sotish.

Arab dunyosida tarmoqli marketing va moliyaviy piramida o'rtasidagi farq mezonlarini hisobga olmagan holda tarmoq marketingini umuman taqiqlaydigan ba'zi mamlakatlarni topishimiz mumkin. Bahrayn Qirolligida Sanoat va savdo vazirligi Vazirlarning 2015-yildagi 2-sonli farmonini binoan tarmoqli marketing orqali mahsulot sotilishini reklama qilish taqiqlangan. Buning sababi tarmoqli marketing tashkilotlari ustidan ko'plab shikoyatlar kelib tushganligidir.

Saudiya Arabistoni Podshohligida Sanoat va savdo vazirligi tarmoq marketingidan ogohlantirgan va fuqarolarni bunday faoliyatdan qaytargan. [4]

Suriyada tarmoqli marketing sohasida ishlaydigan Questnet kompaniyasining litsenziyasi o'z ishidagi firibgarliklar va aldov sababli bekor qilindi va Iqtisodiyot va savdo vazirligining Kompaniyalar direksiyasi fuqarolarni tarmoqli marketing sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar bilan muomala natijasida yuzaga keladigan salbiy ta'sirlardan himoya qilish maqsadida ular tomonidan bo'lishi mumkin bo'lgan manipulyatsiya va firibgarlikdan ogohlantirdi. Direktsiya ushbu faoliyat turi fuqarolarni aldashga va mahsulotlarni o'z narxlaridan yuqori narxlarda sotib olishga undashga asoslanganligini ta'kidladi. [5]

O'zbekiston. Bir necha yil oldin ommaviy axborot vositalarida: "O'zbekistonda tarmoqli marketing taqiqlandi!" deb bong urilgan edi, aslida unday emas. O'zbekiston qonunchiligida tarmoqli marketing faoliyatiga o'ziga xos aniqliklar kiritilgan. Unga ko'ra:

Tarmoqli marketing — tarmoqli tashkilot tomonidan tovarlarni mustaqil tarqatadigan sotuvchi agentlar tashkil etilishiga asoslangan tovarlarni chakana sotish turidir. [6]

Tarmoqli tashkilot — O'zbekiston Respublikasi hududida mustaqil ravishda yoxud tarmoqli marketing yo'li bilan sotuvchi agentlar orqali savdoni amalga oshiruvchi O'zbekiston Respublikasi yuridik shaxsidir.

Sotuvchi agent — turg'un savdo shoxobchalari orqali tovarlarni bevosita sotuvchi, shuningdek uyga buyurtma olish vositasida, muassasalar, tashkilotlar, korxonalarda, transport yoki ko'chada potensial xaridorlar bilan ishlaydigan, daromadi faqat sotuv hajmiga bogʻliq bo'lgan jismoniy shaxs – yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkor.

Shu bilan birga, savdo agenti faoliyati yakka tartibdagi tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshirishi mumkin bo'lgan faoliyat turlari ro'yxatiga binoan "chakana savdo" tushunchasiga kiradi [7]. Toshkent shahridagi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun nooziq-ovqat tovarlari savdosi uchun oylik soliq eng kam ish haqining 10 baravarini, Nukus va viloyatlar uchun – 6,5 eng kam ish haqi va boshqa aholi punktlari uchun 3 eng kam ish haqini tashkil etadi. Bu ulgurji va chakana savdo, ijtimoiy xizmatlar, kassa sotib olish uchun qo'shimcha to'lovlarni hisobga olmagandagi miqdordir.

Islom shariati munosabati

Tarmoqli marketing yaqin asrda paydo bo'lgan bo'lib, u borasida faqihlar 2 xil qarashda bo'lganlar. Ba'zi faqihlar va fatvo hay'atlari tarmoqli marketingni joiz deb topganlar. Zamonamizning jumhur va e'tiborli ulamolari tarmoqli marketingda ribo, qimor, g'arar, shuningdek, insonlar molini botil yo'l bilan yeyish, molni zoe' qilish, aldov va qalloblik bor deydilar. Maqolada ikkala tarafning ham fikr va dalillarini keltiriladi.

Ba'zi faqihlar tarmoqli marketing faoliyatini joiz deb topgan

Bular: Liviya Fatvo Hayʼati (دار الإفتاء الليبية), Tunis Fatvo Hay'ati (دار الإفتاء التونسية), Iordaniya Universiteti Fatvo Qo'mitasi (لجنة الفتوى بالجامعة الأردنية)

Ular quyidagilar bilan dalillanishgan:

1-dalil: Baqara surasi 275-oyati:

وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا

"Va holbuki, Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan". [8]

Oyati karimadagi bay' (savdo) so'zidagi alif-lom (ال) umumlikni ifoda qiladi, shunga ko'ra, shar'iy matn kelmagan savdodagi asl hukm uning muboh ekanligi bo'ladi. Tarmoqli marketing shunga to'la mos keladi, chunki bu savdo yangi paydo bo'lgan muomala turi boʻlib, u borada shar'iy matn kelmagan.

2-fikr egalari e'tirozi: Lekin bu dalil biroz mulohazaga muhtoj, chunki ikkala qarash egalari ham muomaladagi asl hukm uning mubohligi ekaniga aytadi. Tarmoqli marketing hukmi borasidagi ixtilof o'sha muomala tarkibida mavjud bo'lgan taqiqlangan amaliyot sababli yuzaga kelgandir.

2-dalil: Tarmoqli marketing dallollikning bir turi bo'lib, bunda marketolog (sotuvchi) haridorlarga mahsulotni dalolat va targ'ib qilgani evaziga ish haqi oladi.

2-fikr egalari e'tirozi: Dallollik kelishuvida dallol mahsulotni sotgani uchun haq oladi, maqsad tovar sotilishi bo'ladi. Tarmoqli marketingdagi marketolog esa tarmoqni yangi a'zolar bilan kengaytirgani evaziga haq oladi, maqsad tovar sotilishi emas, balki tarmoqni kengaytirish bo'ladi.

3-dalil: Tarmoqli marketing bu ju'ola [9] bitimi bo'lib, bunda marketolog (sotuvchi) yangi a'zolar jalb qilgani uchun haq olayotgan bo'ladi, agar yangi a'zo jalb qila olmasa, bunga haq olmaydi.

2-fikr egalari e'tirozi: Ju'ola bitimida ishchi o'z buyurtmachisiga oldindan biror mablag' to'lamaydi, bordi-yu ishni bajara olmasa u faqatgina mehnatiga kuyadi xolos. Tarmoqli marketingdagi marketolog (sotuvchi) esa tarmoq egasiga oldindan mablag' (masalan: a'zolik badali) to'laydi. Shunday ekan buni ju'ola bitimi deb bo'lmaydi.

Tarmoqli marketingni joiz degan faqihlar uning joiz bo'lishi uchun quyidagi 5 shartni qo'yadilar:

Tarmoqli marketing orqali sotilayotgan tovar ma'lum, muboh narsa bo'lsin;

Tovar ribo amaliyoti uchun parda sifatida qo'yilgan qiymatsiz narsa bo'lmasin. Balki qiymatli, narxga mos bo'lgan sifatga ega bo'lsin;

Tarmoqqa qo'lishdan maqsad yangi a'zolarni jalb qilish evaziga haq olish emas, balki, tovar oldi-sotdisi bo'lsin;

Shirkatning ishi davlat qonunchiligida taqiqlangan bo'lmasin;

Firibgarlik, aldov va g'arar bo'lmasin.

Jumhur faqihlar tarmoqli marketing faoliyatini nojoiz deb topgan.

Bular: Sudan Islom Fiqhi Akademiyasi (مجمع الفقه الإسلامي بالسودان), Iordaniya Fatvo Boʻlimi (دائرة الإفتاء الأردنية) [10], Misr Fatvo Hayʼati (دار الإفتاء المصرية), Saudiya Arabistoni Doimiy Fatvo Qo'mitasi (اللجنة الدائمة للإفتاء بالسعودية) [11], Falastin Fatvo Hay'ati (دار الإفتاء الفلسطينية) [12], Qatar davlatidagi Vaqflar va Islom ishlari vazirligi huzuridagi Targ'ibot va diniy ko'rsatmalar bo'limining Fatvo markazi (مركز الفتوى التابع لإدارة الدعوة والإرشاد الديني بوزارة الأوقاف والشؤون الإسلامية بدولة قطر) [13].

Ular quyidagilar bilan dalillanishgan:

1-dalil: Ushbu muomalada qimor va g'arar mavjudligi. Alloh taolo Moida surasi 90-oyatida aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

"Ey, iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho'plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda boʻling. Shoyadki, najot topsangiz". [14]

Tarmoqli marketingda tovar asosiy maqsad bo'lmaydi, a'zo shaxs foyda olish yoki zarar ko'rish ehtimoliga pul tikkan bo'ladi.

Iordaniya Fatvo Bo'limi fatvosida shunday deyilgan: "Tarmoqli marketing yoki iyerarxik marketing usuli va u uchun haq olishning hozirgi tarqalgan ko'rinishlari shar'iy dallollik sirasidan emas. Balki, bu qimordir. Chunki, odatda a'zolar faqat boshqa a'zolarni olib kelganliklari uchun mukofot to'plash maqsadida tarmoqqa kirishadi. Tarmoq distribyutori (a'zo, sotuvchi) yangi a'zolarni jalb qilsa va belgilangan shartlarni bajarsa muayyan mablag'ni oladi. Bu mablag' tarmoqqa kirish uchun bergan avvalgi mablag'idan gohida koʻproq, gohida ozroq bo'ladi. Agar buni uddalay olmasa bergan mablag'iga kuyadi. Mana shu holat bu muomalada qimor va g'arar shubhasini keltirib chiqaradi".

Bu muomalani haromligini taqozo qiluvchi nuqta – a'zolik badalik sifatida pul to'lash yoki ko'zlanmagan tovarni majburan sotib olishdadir.

1-fikr egalari e'tirozi: "Tovar qiymatli, sifatli va manfaatli bo'lishi qimor va g'arar shubhasini ketkazadi". Shayx Ibrohim Kulsum aytadi: "Tovar mavjud va u sifatli bo'lsa bu muomalada qimor va g'arar yo'q. Xaridor o'zi sotib olayotgan tovarni yaxshi taniydi, foydasini biladi. Buning ustiga tashkilot xaridorlarga 3 kun mobaynida tovarni tajriba qilib ko'rish, tegishli sifatlar topilmasa qaytarish huquqini ham beradi.”

2-dalil: Bu muomalada riboning ikki turi ham (nasiya va fazl ribosi) mavjudligi.

Saudiya Arabistoni Doimiy Fatvo Qo'mitasining fatvosida shunday deyiladi: "Tarmoqqa qo'shilgan distribyutor (a'zo, sotuvchi) ko'paytirgan holda qaytarib olish uchun mablag' to'laydi. Bu esa pulni pulga evazsiz ortiqchalik bilan, kechiktirib almashtirishdir. Qur'on, sunnat va ijmo' bilan harom qilingan riboning ayni o'zidir. Oʻrtadagi savdo tovariga kelsak, u riboni berkitish uchun qo'yilgan parda xolos, u a'zolar maqsad qilgan predmet emasdir. Uning mavjudligi hukmga ta'sir o'tkaza olmaydi".

Doktor Somi Suvaylim aytadi: "To'rt mazhab faqihlari ittifoq qilishganki, savdoda birinchi tarafda naqd pul, boshqa tarafda esa tovar va naqd pul tursa, birinchi tarafdagi naqd pul boshqa tarafdagi naqd pulga teng yoki undan oz bo'lsa bu savdo haromdir, bu borada xilof yoʻq. Chunki bu savdoda pulni bulga ayirboshlash g'olib bo'ladi va unga doir hukmlar joriy bo'ladi. Hukm ikki tarafdagi pul naqd bo'lgan savdoda shunday bo'lsa, ulardan biri kechiktirib to'lanadiganida batariqi avlo haromdir. Tarmoqli marketingda aynan shu koʻrinish joriy bo'lgan. Sotuvchi a'zolik uchun to'lagan pulining muqobilida uni ko'paytirib qaytarib oladi, gohida esa ola olmaydi. Shunda bu savdoda bir vaqtning o'zida ham ribo ham g'arar jamlangan bo'ladi."

3-dalil: Bu muomalada insonlar molini botil yoʻl bilan yeyish bordir.

Alloh taolo Niso surasi 29-oyatida aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ

"Ey, iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo'l bilan yemang." [15]

Tarmoqli marketing kompaniyalari egalari o'z ostidagi quyi tabaqa hisobiga katta mablag'ni qo'lga kiritishadi, pastdagilar esa o'z o'rnida bozor tovarlar bilan to'lganligi yoki jalb qiladigan tanishlari qolmagani tufayli foyda ko'ra olishmaydi.

1-fikr egalari e'tirozi: "A'zo to'laydigan pul o'zi oladigan manfaatli tovar muqobilida bo'ladi. Shunday ekan, bu yerda insonlar molini botil yo'l bilan yeyish, ziyon ko'rish yo'q".

Bu e'tirozga javob shuki: Agar distribyutor yangi a'zolarni jalb qilsayu, lekin tarmoqning belgilangan shartlarini bajara olmasa u yangi a'zo topaman deb qilgan mehnatiga kuyadi, shirkat esa foyda bilan chiqadi. Ushbu holatda insonlar molini botil yo'l bilan yeyish namoyon bo'ladi.

4-dalil: Bu muomalada molni zoe' qilish bor.

Tarmoqli marketing orqali sotilayotgan tovarlarning ko'pi belgilangan narxga munosib bo'lmagan, qiymati past tovarlar bo'lib chiqmoqda. Huddi shu xususiyatlarga ega bo'lgan molni an'anaviy usulda savdo qilinadigan do'konlar, bozorlarda bundan arzonroqqa topish mumkin. Shunday ekan ularning savdosida isrof shubhasi mavjuddir.

Alloh taolo A'rof surasi 31-oyatida aytadi:

يَا بَنِي آدَمَ خُذُوا زِينَتَكُمْ عِنْدَ كُلِّ مَسْجِدٍ وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ

"Ey, Odam bolalari, har bir ibodat chog'ida o'z ziynatingizni oling. Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas." [16]

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللّهِ صلى الله عليه وسلم:

إنّ اللّهَ يَرْضَى لَكُمْ ثَلاَثاً ، وَيَكْرَهُ لَكُمْ ثَلاَثاً ، فَيَرْضَى لَكُمْ أَنْ تَعْبُدُوهُ وَلاَ تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئاً ، وَأَنْ تَعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللّهِ جَمِيعاً ، وَلاَ تَفَرَّقُوا ، وَيَكْرَهُ لَكُمْ قِيلَ وَقَالَ ، وَكَثْرَةَ السُّؤَالِ ، وَإضَاعَةَ الْمَالِ

"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

"Albatta Alloh uch narsaga rozi bo'ladi va uch narsaga g'azab qiladi:

Uning O'zigagina ibodat qilib, hech narsani Unga shirk keltirmasligingizga va Allohning arqonini mahkam tutishingizga hamda Alloh ishingizga valiy – boshliq qilib qo'yganlarga nasiyhatlashishingizga rozi bo'ladi.

Sizlardagi "dedi-dedi"ni, ko'p savolni va molni zoye qilishni yoqtirmaydi", – dedilar".

Molu mulkni zoye qilish Alloh taolo bergan ne'matni behuda qilishdir. Bu narsani qiluvchilar shaytonning birodari bo'ladilar. Ushbu noma'qul ish insonlarga va ularning jamiyatlariga katta zarar keltiradi. Shuning uchun ham, Alloh taolo mo'min-musulmon bandalarini bu ishdan qaytargan.

Alloh taolo bandaning qo'liga mol berganda, uni isrof qilmasligini tayinladi. Joyini topib, Alloh taoloning yo'lida, Allohni rozi qiladigan holatda, shariatning ko'rsatmasiga muvofiq ravishda sarf qilish, ishlatish, berish kerak bo'ladi.

Molni zoye qilish, isrof qilish, behuda ketkazish Alloh taoloning g'azabini chiqaradigan amallardan hisoblanadi.

5-dalil: Bu muomalada aldov va qalloblik borligi.

Tarmoqli marketing distribyutorlari (sotuvchi, a'zo) ko'p hollarda tovarni o'ta bo'rttirib maqtashadi, unda yo'q yoki borligi shubhali bo'lgan xususiyatlarni da'vo qilishadi.

Bu esa xaridorga firib berish, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol, deb sotish kabi gunohdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam don sotayotgan odamning yonidan o'tib qoldilar. Uning doni orasiga qo'l tiqib ko'rsalar, namlanib qolgan ekan. "Bu nimasi?", deb so'radilar. Sotuvchi: "Ey Rasullulloh, unga yomg'ir tegibdi", dedi. Shunda Rasullulloh sallallohu alayhi vasallam: "Uni ustiga chiqarib quymaysanmi, odamlar ko'rar edi", dedilar va:

ﻣَﻦْ ﻏَﺸَّﻨَﺎ ﻓَﻠَﻴْﺲَ ﻣِﻨَّﺎ

yaʼni: "Kim bizni aldasa, u bizdan emas", dedilar. [17]

Shunday ekan aldov, firibgarlik, biror narsani soxtalashtirish musulmonning ishi emas.

Maqolamiz uzunligi uchun uni qolganini izohlarda qoldirdik:

image
Send as a message
Share on my page
Share in the group